Grenada

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Grenada
ShiorThe Land, the People, the Light
Madhiya: Hail Grenada
Location of Grenada
Poytaxt Seynt Jorjs
Rasmiy til(lar) Ingliz tili
Hukumat Hamdoʻstlik
• Qirol
Karl III
Dame Cécile La Granade
Dickon Mitchell
Mustaqillik (Birlashgan Qirolligidan)
• Sana
7-fevral 1974
Maydon
• Butun
344 km2 (207-oʻrin)
• Suv (%)
1.6
Aholi
• 2002-yilgi roʻyxat
89,502 (198-oʻrin)
• Zichlik 260/km2
YIM (XQT) 2005-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$440 mil. (208-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$4,916
Pul birligi East Caribbean Dollar (XCD)
Vaqt mintaqasi UTC−4
• Yoz (DST)
UTC−4
Qisqartma GJ
Telefon prefiksi 1-437
Internet domeni .gd

Grenada — Karib dengizidagi Grenada orol va Grenadina orollari janubiy qismidagi davlat. BMT aʼzosi. Mayd. 344,5 km2. Aholisi 98,9 ming kishi (1999). Poytaxti — Sent-jorjes shahri. Maʼmuriy jihatdan 7 tumanga boʻlingan.

Davlat tuzumi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Grenada — Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlik tarkibida mustaqil davlat. 1974 yil Konstitutsiyasiga muvofiq davlat boshligʻi Buyuk Britaniya qirolichasi. Qirolicha nomidan general-gubernator ish koʻradi. Qonun chiqaruvchi organ ikki palatali (senat va vakillar palatasi) parlamentdir. Ijroiya hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi xukumat amalga oshiradi. Parlament saylovida koʻpchilik ovoz olgan partiyaning rahbari bosh vazir etib tayinlanadi.

Tabiati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Grenada orollari vulkanlardan hosil boʻlgan. Hozir ham bu yerda bir necha vulkan choʻqqilari bor (eng baland nuqtasi 840 m). Iqlimi — subekvatorial, dengiz iqlimi. Oʻrtacha yillik temperatura 26° atrofida, yillik yogin 1500 mm dan oshadi. Sernam tropik oʻrmonlari doimo yashil.

Aholisini[tahrir | manbasini tahrirlash]

Aholisining 50% dan koʻprogʻi negrlar, 40% duragaylar; indeyslar va yevropaliklar ham yashaydi. Rasmiy tili — ingliz tili. Dindorlar — asosan xristian. Shahar aholisi — 32%.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Orolni 1498 yil X. Kolumb kashf etgan. 1650 yildan Fransiya egallagan. 1783 yil Versal sulh shartnomasiga binoan Buyuk Britaniya mustamlakasi. 1967 yilda Buyuk Britaniya uni "Buyuk Britaniya bilan birlashgan davlat" deb eʼlon qildi. 1974 yil fevralda mustaqillikka erishdi. Shu yildan Grenada — BMT aʼzosi. Milliy bayramlari — 7 fevral — Mustaqillik kuni (1974), 13 mart — Inqilob kuni (1979).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Milliy partiya, 1989 yilda tuzilgan; Milliy demokratik kongress partiyasi, 1987 yilda asos solingan; Yangi milliy partiya, 1984 yilda tuzilgan; Grenada birlashgan leyboristlar partiyasi, 1950 yilda asos solingan; Moris Bishop nomidagi vatanparvarlik harakati partiyasi, 1984 yilda tuzilgan. Grenada kasaba uyushmalari kengashi 1955 yilda tuzilgan.

Xoʻjaligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Iqtisodiyotining asosini qishloq xoʻjaligi tashkil etadi. Uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 15,5%, sanoatning ulushi — 6%. Asosan banan, kakao, kokos yongʻogʻi, muskat yongʻogʻi (jahonda 2-oʻrin), paxta, sitrus mevalar, shakarkamish yetishtiriladi.

Chorvachiligida qoramol, choʻchqa boqiladi; baliq ovlash, oʻrmonchilik ham rivojlangan.

Sanoatida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlab, yogʻ, rom, pivo, alkogolsiz ichimliklar, shuningdek, mebel, kiyim-kechak ishlab chiqaradigan kichik korxonalar bor. Yiliga oʻrtacha 51 mln. kVt-soat elektr energiya ishlab chiqariladi. Xorijiy sayyohlar mamlakat iqtisodiyoti uchun katta ahamiyatga ega. Temir yoʻl yoʻq. Asosiy dengiz porti va xalqaro aeroporti — Sent-Jorjes shahri Chetga muskat yongʻogʻi, banan, kakao chiqaradi; chetdan oziqovqat va sanoat mollari, transport vositalari, yoqilgʻi, mashina, asbob-uskuna, maʼdanli oʻgʻit, kiyim-kechak va boshqa keltiriladi. Savdo-sotiqdagi asosiy mijozlari: AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Pul birligi — Sharqiy Karib dollari.

Maorifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Grenada maorifi inglizcha tizim taʼsirida tarkib topgan. 6—14 yoshli bolalar uchun majburiy bepul taʼlim joriy etilgan. Xususiy maktablar ham bor. Boshlangʻich maktabda ham, oʻrta maktabda ham oʻqish muddati — 7 yil Hunar-texnika va ped. bilim yurtlari bor. Grenadada VestIndiya universitetining 1 ta fakulteti joylashgan.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Grenadada ingliz tilida "Gavernment gazett" ("Hukumat gazetasi"), "Grenada gardian" ("Grenada posboni"), "Grenadian voys" ("Grenada ovozi") haftalik gazetalari chiqadi. "Grenada brodkasting netuork" radioeshittirish xizmati 1972 yilda tuzilgan, "Grenada brodkasting korporeyshn televiji" telekoʻrsatuv xizmati mavjud.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil